Andijon viloyatida to‘rt egizak dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
25-avgust kuni erta tongda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon viloyati filialida Andijon tumanida yashovchi Dildoraxon Ahmedova to‘rt nafar farzandni dunyoga keltirdi.
Ayol 20-avgust kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan tibbiyot muassasasiga qabul qilingan. Unda muddatidan avval kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan.
Birinchi chaqaloq — qiz 1840 gramm, ikkinchisi — o‘g‘il 1534 gramm, uchinchisi — qiz 1584 gramm, to‘rtinchisi — qiz 1756 gramm vaznda tug‘ilgan.
Tug‘uruq jarayoni akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar ishtirokida o‘tkazilgan. Hozirda ona va to‘rt nafar chaqaloq tibbiyot xodimlari nazoratida.
Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, Andijonda joriy yilning iyun oyida ham to‘rt, iyulda esa besh egizak dunyoga kelgan.