Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarish sxemasi fosh etildi, deb xabar berdi DXX.
Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MCHJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan.
U 2025-2026-yillarda 20 mlrd so‘m atrofida tovar aylanmasi bo‘lganligi to‘g‘risida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish orqali, mazkur korxona hisobiga byudjetdan 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib olinishida yordam berishini aytadi.
Bu ishni u soliq idoralarida ishlovchi tanishlari ko‘magida qilmoqchi bo‘lgan.
Ushbu “xizmat” haqi evaziga 340 mln so‘m talab qilgan.
QQSni korxona hisob raqamiga tushirib berish bilan bog‘liq barcha soxta amaliyotlarni uning sherigi – Andijon shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor amalga oshiradi.
Tadbirkor o‘ziga tanish bo‘lgan korxona va Navoiy viloyatidagi xususiy korxona o‘rtasida elektron shartnoma rasmiylashtiradi.
Unga asosan, go‘yoki qiymati 18,67 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilganligi, transport xizmati ko‘rsatilganligi va qurilish materiallari yetkazib berilganligi to‘g‘risida 10 ta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 2 mlrd so‘m QQS qaytarilishiga erishadi.
Shundan so‘ng talab qilingan pulni ular o‘zlarining jinoiy sheriklari – Qibray tumanida yashovchi shaxs va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi boshqa fuqaro orqali olgan vaqtlarida ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar talab qilingan 340 mln so‘mni o‘zaro taqsimlab olishlari kerak bo‘lgan.
Mazkur to‘rt nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari doirasida ularning mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan soliq idoralaridagi tanishlarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.