O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida sel-suv toshqinlari xavfi e‘lon qilindi

Bunga 4–7-avgust kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab bo‘ladi.

4–7-avgust kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, kutilayotgan yomg‘irlar sabab Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari kuzatilishi ehtimoli bor. Xususan: 

  • Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlarida;
  • Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod va Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahrida sel xavfi mavjud.

Shuningdek, respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida hududlarni suv bosishi ehtimoli ham mavjud.

O‘zgidromet tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling