Toshkent va Farg‘onada fuqarolarni Umra ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Toshkent shahrida yashovchi 1981-yilda tug‘ilgan shaxs tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, o‘zini Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilgan turfirmaning vakili sifatida tanishtirgan.
U uch nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga Umra safariga yuborish va ziyorat amallarini to‘liq bajarishini ta‘minlash evaziga jami $3450 talab qilgan.
DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi $3400 va 600 ming so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Farg‘ona shahrida esa 1998-yilda tug‘ilgan shaxs tanishlari orqali to‘rt nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni va‘da qilib, jami $4200 talab qilgan.
U so‘ralgan pulni olayotgan vaqtda DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.