Toshkent va Samarqand viloyatlarida 411 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalanildi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyatining Toshkent tumani hamda Samarqand viloyatining Samarqand shahrida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent tumanida fuqarolar A.Q. va J.T. belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan fuqaro Sh.Sh.ning “Bog‘izilol” MFY hududidagi binosida ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib, tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. So‘ng 221,4 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan.

Shuningdek, Samarqand shahrida fuqaro B.X. “Do‘stlik” MFY hududidagi issiqxonasida tijorat maqsadida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 190 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling