Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi: kimlar ishdan ketdi?

Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkentda xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i R.Sultonxo‘jayev, Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A.O‘rmonovga “hayfsan” berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.

Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga masʼul o‘rinbosarining tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ishlarida hali sezilarli natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi. Vazirlikdagi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining ishi sustligi qayd etildi.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq maʼmurchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani taʼkidlandi. Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sunʼiy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan. Ushbu yo‘nalishlarga javobgar bo‘lgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari M.Mirzayev ishdan olindi.

Davlat rahbari “O‘zbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini maʼlum qildi. Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan. Shu bois, agentlik direktori A.Ortiqov ishdan olindi.

Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B.Abdullayev va departament boshlig‘i R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling