Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi bolalar maydonchalari o‘rnidagi qurilishlarga munosabat bildirdi

Bosh prokuratura poytaxtdagi umumiy foydalanishdagi hududlarda barpo etilayotgan obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahridagi umumiy foydalanishdagi hududlarda qurilish olib borilishi holatlariga munosabat bildirdi

Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasida aholi ekkan daraxtlar kesilib, bolalar maydonchasi o‘rnida biznes markazi qurilishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, u qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar hamda o‘yin va sport maydonchalari yo‘q bo‘lib borayotganini qayd etdi.

Saida Mirziyoyeva Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazishi, qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me‘yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirishi zarurligini ta‘kidladi.

Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas‘ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, ozodlikdan mahrum etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling