Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya beriladi

Har yili eng yaxshi 10 tagacha startapning yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.

Hukumat qarori bilan turistik startaplarga subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma‘muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, subsidiya Turizm qo‘mitasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.

Har yili eng yaxshi 10 tagacha turistik startapga uni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50%i, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya beriladi.

Loyihalarni ko‘rib chiqish uchun Turizm qo‘mitasi raisi tomonidan maxsus komissiya tuziladi. Komissiya ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida talabgorga suhbat o‘tkazilishi haqida xabar beradi.

Suhbatdan so‘ng 10 ish kuni ichida startapning belgilangan talablarga muvofiqligi o‘rganiladi. 

Bunda loyihaning muayyan turistik xizmatni rivojlantirishga qaratilgani, turistlar uchun dolzarbligi hamda yangi yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan yechim taklif etishiga e‘tibor beriladi.

Subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingach, Turizm qo‘mitasi yetti ish kuni ichida mablag‘larni talabgorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling