Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Toshkent, Namangan va Navoiy viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Bekobod tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “M.O.” fermer xo‘jaligi rahbari F.S. “Yangi Hayot” MFY hududidagi, “T.A.” dehqon xo‘jaligi rahbari T.A. esa “Xos” MFY hududidagi yer maydonlarida suv nasoslarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, jami 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Nurafshon shahrida “T.Y.” MChJ mas‘ul shaxslari va boshqalar 37 ta ko‘p qavatli uydagi lift, nasos va yoritgichlarni elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 1,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Piskent tumanida fuqaro I.K. “Zominovul” MFY hududidagi yer maydonida suv nasosini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 425,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida fuqarolar X.Sh. va A.A. “Yandama” MFY hududidagi dala shiyponida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, 282,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Nurota tumanida esa fuqaro D.T. “Yangi hayot” MFY hududidagi xonadonida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 143,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.