Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Qovunchi ko‘chasida joylashgan qurilish maxsulotlari sotish bozorida 21 fevral soat 05:09 larda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Qutqaruv bo‘linmalari soat 05:18 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in soat 05:38 da o‘rab olingan.
Yong‘in soat 06:00 da o‘chirildi. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
FVVga ko‘ra, aytilgan manzilda sodir bo‘lgan yong‘in natijasida bozor hududidagi 200 kv.m maydonda joylashgan rom va eshik mahsulotlari yonib zararlangan.
16-fevral kuni mazkur bozorda o‘tkazilgan tekshiruv davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarining bir qator buzilish holatlari aniqlangani sababli, kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar bozorning ish faoliyati to‘xtatilib, 3 kunga elektrdan uzilgan.
Bozor ma‘muriyati tuman FVBga aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kafolat xati taqdim etgan. Biroq, afsuski, ushbu qoidabuzarliklar o‘z vaqtida to‘liq bartaraf etilmagani oqibatida yong‘in kelib chiqqan.