Samarqandda tuman prokurori o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Urgut tumani prokurori o‘rinbosari korxonaga yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirib berish evaziga $6,5 ming va 35 mln so‘m olgani, keyinchalik esa yana $15 ming talab qilgani aytilmoqda.

Samarqand viloyatida tuman prokurori o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, Urgut tumani prokurori o‘rinbosari Pastdarg‘om tumani prokuraturasida ishlagan davrida mahalliy korxonaning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi oqibatida davlatga yetkazilgan 2 mlrd 887 mln so‘mlik zararni 805,9 mln so‘mga kamaytirib berish evaziga vositachilar orqali $6,5 ming va 35 mln so‘m pora olgan.

Shuningdek, prokuratura tomonidan korxona mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini 150−200 mln so‘mgacha kamaytirish va suddagi tanishlari orqali ularga yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytib, korxona egasidan yana $15 ming talab qilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mansabdorning noqonuniy harakatlari bo‘yicha ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling