15 yanvar kuni Abu-Dabi shahridagi "Qasr ash-Shati" qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-BAA do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini, shu jumladan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investisiya, innovatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda yanada rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston yetakchisining BAAga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochayotgani — ular strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida BAAning yetakchi kompaniyalari bilan yangi, asosan yuqori texnologik tarmoqlarda loyihalar portfeli shakllantirildi.
Siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Yetakchilar iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini, jumladan sun’iy intellekt, raqamlashtirish, "yashil" energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yo‘nalishni belgilab oldi. Har bir ustuvor soha bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etishga kelishildi.
Tomonlar 2025-2027-yillarni "O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri" deb e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Shu ma’noda, 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga ko‘paytirish va investisiya portfelini 50 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi.
O‘zbekiston ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va BAA kompaniyalarining yurtimizdagi investisiyaviy faoliyatini kengaytirishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv ko‘lamini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisi Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirishni taklif etdi.
Muzokaralar davomida bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga, shu jumladan joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling