Ijtimoiy tarmoqlarda Uzbelas Performance rahbarining transport vositasida qoidabuzarlik sodir etib, faqat jarima jazosi qo‘llanilgani aytilgan video tarqalgandi. Holat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Keyinroq A. Jumayevga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 16-yanvardagi qarori ustidan tuman prokuraturasi tomonidan kassatsiya tartibida protest kiritilgani haqida xabar berildi.
Bugun Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatida A. Jumayevga oid maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining jarima solish haqidagi qarori bekor qilindi.
Sud qaroriga muvofiq A. Jumayevga MJtKning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan 10 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.