Ikkita hududda xorijga ishga yuborishni va‘da qilgan shaxslar ushlandi

Ular fuqarolarni Slovakiya, Germaniya va Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga pul olganlikda gumonlanmoqda.

Fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Birinchi holatda Toshkent shahrida yashovchi, avval sudlangan shaxs Qashqadaryodagi olti nafar fuqaroni tanishlari orqali Slovakiyaga ishga yuborish evaziga 145 mln so‘m talab qilgani aytilmoqda. U oldindan 85 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlangan.

Yana bir holatda xorijiy davlatlarga viza olish bo‘yicha konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi MCHJ rahbari Toshkent shahrida yashovchi fuqaroni viza rasmiylashtirish orqali Germaniyaga ishga yuborish evaziga $4 ming olayotgan vaqtida ushlangan.

Zangiota tumanida esa ayol Angren shahrida yashovchi fuqaroni viza rasmiylashtirib, Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga $5,9 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling