Toshkentning uch tumanida gaz vaqtincha o‘chiriladi

29-iyul kuni ta‘mirlash ishlari sababli Yakkasaroy, Yunusobod va Yangihayot tumanlarining ayrim hududlarida tabiiy gaz ta‘minoti vaqtincha to‘xtatiladi.

29-iyul kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy, Yunusobod va Yangihayot tumanlaridagi ayrim hududlarda ta‘mirlash ishlari sababli tabiiy gaz ta‘minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududgaz Poytaxt” matbuot xizmati xabar berdi.

Yakkasaroy tumanida “Dilbuloq” MFY va Sh. Rustavelli ko‘chasi hududidagi iste‘molchilarga gaz ta‘minoti soat 10:00 dan 17:00 gacha to‘xtatiladi. Cheklov 290 ta xonadon va 9 ta ulgurji iste‘molchiga ta‘sir qiladi.

Yunusobod tumanida esa 10-mavzedagi yuqori bosimli gaz taqsimlash punktida olib boriladigan ta‘mirlash ishlari sababli gaz 09:00 dan 19:00 gacha uziladi

Cheklov Yunusobodning 6–19-dahalari, “Kulolqo‘rg‘on”, “Yo‘lariq”, “Hasanboy”, “Islomobod”, “Bobodehqon”, “Obod” MFYlari hamda Baraka, Katta soy va Yuqori Qoraqamish ko‘chalaridagi iste‘molchilarga ta‘sir qiladi. 

Shuningdek, tumandagi qator mahallalarda gaz bosimi pasayishi mumkinligi ham ma‘lum qilindi.

Yangihayot tumanida “Jaloyir” MFY va Jaloyir ko‘chasidagi iste‘molchilarga gaz ta‘minoti 11:00 dan 16:00 gacha to‘xtatiladi. Bu 85 ta xonadon va 3 ta ulgurji iste‘molchiga ta‘sir ko‘rsatadi.

Ta‘mirlash ishlari yakunlangach, tabiiy gaz ta‘minoti barcha hududlarda bosqichma-bosqich qayta tiklanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling