Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi turli bog‘chalarda 60 dan ortiq bola ovqatdan zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, 21-fevral kuni viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2, 58 va 61-sonli bog‘chalarning 62 nafar tarbiyalanuvchisida yuzaga kelgan tana haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha murojaat qilingan.
Hozirda shifoxonada bo‘lib turgan barcha bemor bolalarning ahvoli qoniqarli holatdaligi bildirildi.
Qayd etilishicha, ularning salomatligi bilan bog‘liq o‘zgarishlar tibbiyot xodimlari tomonidan chuqur tahlil asosida o‘rganilmoqda.
Shuningdek, vazirlik hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan mazkur holat bo‘yicha atroflicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.