Yangi Andijonda qiymati $300 mln bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Loyiha bo‘yicha investitsiya kelishuvi O‘zbekistonning “Sanderson City” kompaniyasi hamda Janubiy Koreyaning “U&K Global” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan. Uni ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda $45 mln investitsiya evaziga zamonaviy istirohat bog‘i va xalqaro standartlarga mos akvapark quriladi. Majmua suv attraksionlari hamda turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun dam olish maskanlarini o‘z ichiga oladi.
Uni 2028-yil 21-mart — Navro‘z arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ikkinchi bosqichda esa umumiy maydoni 750 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy turar joy majmuasi barpo etiladi.
Loyiha doirasida yashash uchun zarur ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini yaratish ham ko‘zda tutilgan.