Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifini 19-dekabr kuni Imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot o‘tadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy maʼlumotga ega bo‘ldi. O‘zbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili o‘qitilmoqda.
Joriy tashrif doirasida Tokioda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari Imperator Naruxitoga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.