O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqadi – Shavkat Mirziyoyev

Davlat rahbari Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi

Prezident “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini taqdim etdi.

Sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklif qilindi. Bu hamkorlikka qo‘shimcha kuchli surʼat bag‘ishlashga xizmat qiladi. Navbatdagi shunday uchrashuvlardan birini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirildi.

Yaponiyaning adliya va huquq sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi doimiy mexanizmini yaratish va kelgusi yili Tokioda adliya vazirlarining birinchi uchrashuvini tashkil etish borasidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Davlat rahbari O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqib, hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish bo‘yicha aniq dastur va loyihalarni kiritish tarafdori ekanligini qayd etdi.

Yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish, hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini taʼsis etish muhimligi taʼkidlandi. Forumning ilk majlisini kelgusi yili Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishini olqishladi.

Markaziy Osiyoning infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini taʼsis etish taklif qilindi. Uning negizida “Sifatli infratuzilma” bo‘yicha dastur hamda Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmog‘i – sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini ishga tushirish mumkin.

Bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy o‘sish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib borayotganidan kelib chiqib, davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sunʼiy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik platformasini yaratish muhimligini qayd etdi.

Tezyurar poyezdlar va avtomobil yo‘llarini barpo etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish loyihalariga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlari ko‘magini jalb etishdan manfaatdorlik bildirildi.

“Yashil” energetika sohasidagi hamkorlik doirasida kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, yo‘qotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish bo‘yicha birgalikda loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Davlat rahbari ekologiya sohasida Markaziy Osiyoda havo sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish, Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish yuzasidan qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish hamda Muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdi.

Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, mintaqada seysmik barqarorlikni baholash va oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish, Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari bo‘yicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida taʼlim vazirlarining birinchi yig‘ilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini o‘tkazish, yoshlar hamjamiyatlari o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirishga qaratilgan Yoshlarni rivojlantirish mintaqaviy tarmoq dasturini qabul qilish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.

O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha qarorlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Sammitda boshqa yetakchilar ham nutq so‘zladi. Tadbir yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling