Yaponiyada viza talablarini buzgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi

Ulardan biri Yaponiyaga “talaba” vizasi bilan kirgan.

Yaponiya Immigratsiya Xizmatlari Agentligi 24-aprel kuni mamlakatda noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, fuqarolardan biri Yaponiyaga “talaba” vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan haydalganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

Yana bir fuqaro qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan.

“Yaponiyaga “Turizm” yoki “Talaba” maqomidagi viza bilan kirib, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan chaqiruvlar butunlay yolg‘on. Shu kabi yolg‘on maqsadlar bilan Yaponiyaga kirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, – deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling