Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda barcha hududlarda umumiy qiymati qariyb 50 trln so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.
Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi, budjetga yiliga qo‘shimcha 1 trln so‘m tushum tushishi taʼminlanadi.
Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 573 megavattli elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 mln kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.
Mazkur loyihalar orasida mamlakatimizning eksport salohiyatini sezilarli oshiradigan quvvatlar ham bor. Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida ishga tushirilgan to‘qimachilik, trikotaj va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari millionlab dollarlik eksportni taʼminlaydi.
Samarqand va Toshkent viloyatlarida barpo etilgan yangi metallurgiya korxonalari ham sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.
Prezident bugungi loyihalarni faqat investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmasligini taʼkidladi.
Yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Ular orasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy taʼlim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.
Yangi Toshkent hududida jahon standartlari asosida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi shular jumlasidandir. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.
Oliy ta‘lim muassasasida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Taʼlim xabi” tashkil etiladi. 1-oktabrdan Sunʼiy intellekt instituti ish boshlaydi.
Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi.
Bu yerda 28 dan ziyod o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.
Qarshi shahrida 400 mlrd so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan taʼminlanadi.
Farg‘ona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Ushbu loyihalarni barpo etishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor va investorlarga minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosdi va 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.