Ijtimoiy tarmoqlarda Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi atrofidagi yangi tunnel yo‘li atrofida tirgak devorning bir qismi qisman o‘pirilib tushgani aks etgan suratlar tarqaldi. Holat bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas‘ul tashkilotlar vakillari yuborilgan. Hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan, zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Hozirda kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta.
"Dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta‘siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilmoqda", – deyiladi xabarda.
Shuningdek, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda obyektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda.
Texnik tekshiruv yakunlari bo‘yicha tiklash ishlari yuzasidan qaror qabul qilinishi aytildi.
"Qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, mas‘ul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi", deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.