Andijonda mahalliy budjetdan madaniyat va OAV uchun ajratilgan 32 mlrd so'm amalda berilmagan bo'lib chiqqani aytildi

Iqtisodiy muammolar sabab aksar tuman hokimliklari nashrlari har oyda bir bor chop etilgan

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

30-noyabr kuni Adliya vazirligining mahalliy davlat hokimiyati organlarining qabul qilgan qarorlari joylashtiriladigan elektron tizimida Andijon viloyati mahalliy budjetining 2022-yil 9 oylik ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti eʼlon qilindi.

Mazkur hisobotga koʻra, mahalliy budjet daromadlari hisobot davrida 2 trln 271,3 mlrd soʻmga yoki rejaga nisbatan 109 foizga, xarajatlari esa rejaga nisbatan 98 foizga ijro etilib, 4 trln 622,6 mlrd soʻmni tashkil etgan (reja boʻyicha 4 trln 721,8 mlrd soʻm).

Viloyat hokimligi hisobotida mahalliy budjet xarajatlarining 67 foizi (3 trln 115,6 mlrd soʻm) ijtimoiy xarajatlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Shundan maorifga – 754,2 mlrd soʻm, sogʻliqni saqlashga – 1 trln 406,5 mlrd soʻm, sportga – 76,3 mlrd soʻm hamda ilm-fanni rivojlantirishga 1,8 mlrd soʻm yoʻnaltirilgani aytilgan.

Shuningdek, xarajatlar tarkibiga viloyatdagi Madaniyat va ommaviy axborot vositalari ishini rivojlantirish masalasi ham kiritilib, mazkur sohalarga oʻtgan 9 oyda 31 mlrd 959,8 mln soʻm sarflangani (yil oxiriga qadar 32 mlrd 595,1 mln soʻm sarflash rejalashtirilgan) koʻrsatib oʻtilgan.

Eng qizigʻi esa viloyatdagi ayrim OAVlar oʻzlariga ajratilgan mablagʻlar haqida yuqoridagi hujjatdan bilgan, xolos.

"Ishonch.uz" nashrining yozishicha, yil boshidan buyon viloyat teleradiokompaniyasi, viloyat hokimligi muassisligidagi gazetalarga mahalliy budjetdan mablagʻ ajratilmagan.

“Iqtisodiy muammolar sabab aksar tuman hokimliklari nashrlari har oyda bir bor chop etilayotgan boʻlsa, viloyat hokimligining nashri – "Andijonnoma” gazetasining shu kunga qadar bor-yoʻgʻi 61 ta soni bosmadan chiqqan. Holbuki, uning davriyligiga amal qilinsa, yil yakuniga qadar nashrning 104 ta soni oʻquvchilarga yetib borishi kerak.

Viloyat hokimligining yana bir gazetasi – “Andijanskaya pravda” esa bir yarim yildan buyon chop etilmayapti", – deb yozadi nashr.

Yuqorida maqsadli sarflangani shubha ostiga olinayotgan summa jami xarajatlarning 0,7 foizinigina tashkil qilib, asosiy xarajatlar sogʻliqni saqlash (1,4 trln), bolali va kam taʼminlangan oilalarga nafaqalar (840,4 mlrd) hamda davlat boshqaruv idoralarini saqlash (297,8 mlrd) kabilar uchun qilingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling