Videodan kadr
Joriy yilning 1-aprel kunidan boshlab Toshkent, Nukus, shuningdek, viloyat va tuman markazlarida maksimal tezlik 70 km/soatdan 60 km/soatgacha pasaytiriladi. Bu 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasini “Inson va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan.
Ushbu qaror “avtomobillar uchun emas, balki piyodalar uchun shahar” gʻoyasi asosida yoʻl harakati xavfsizligi sohasini isloh qilish maqsadida qabul qilingan.
Prezidentning mazkur qarori loyihasida 1-iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida maksimal tezlikni 70 dan 60 km/soatgacha kamaytirish taklif qilingan. Hujjatda aytilishicha, tezlikni 10 km/soatga pasaytirish oʻlim sonini kamida 15 foizga kamaytiradi.
Eslatib oʻtamiz, yanvar oyidan boshlab poytaxt va boshqa viloyatlarning bir qator koʻchalarida transport harakatining ruxsat etilgan tezligi 70 dan 60 km/soatgacha pasaytirildi.
Avvalroq Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari maksimal tezlikning pasayishi yoʻl harakati holatiga (transportning oʻrtacha tezligi) va yoʻllardagi oʻlim holatlariga qay darajada taʼsir qilishini tahlil qilgan edi. Ularning tadqiqotiga koʻra, Oʻzbekistonda maksimal tezlikni 60 km/soatga tushirish yiliga 600 dan ortiq kishining hayotini saqlab qolishi mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling