Videodan kadr
Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi 41-maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga berilgan shirinlikning ichidan qum chiqdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda mazkur maktab oʻqituvchisi Bagdagul Bekbosinovaning murojaati eʼlon qilindi.
Murojaatda yozilishicha, oʻqituvchi shu kungacha berilgan mahsulotlar boʻyicha qator kamchiliklarni maktab rahbariyatiga aytib kelgan. Maktabga kelgan olmalar yuvilmagan boʻlsa, keks ichidan qizlar sochiga taqadigan toʻgʻnogʻich, un qopining ipi chiqqan kunlar ham boʻlgan.
“Lekin 7-aprel kuni 2-sinf oʻquvchimning konfetidan qum aralash tuproq chiqdi. Qiz bechora yarimini yegan. Konfetga oʻralgan qogʻozni koʻzdan oʻtkazsam, ishlab chiqaruvchi haqida hech nima yozilmagan”, - deyiladi murojaatda.
Shuningdek, oʻqituvchi holatga isbot sifatida chirigan olmaning rasmi, yeguliklar ichidan sochga taqiladigan toʻgʻnogʻich va qum chiqqani aks etgan videolarni ham keltirgan.
Shundan soʻng, Qoraqalpogʻiston Xalq taʼlimi vazirligi holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Xoʻjayli tumani xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan. Maktabga oziq-ovqat mahsulotlarini "BEKBERGEN SERVIS ORAYI MCHJ" tomonidan 2022-yil 10-oktyabrdan shu kunga qadar yetkazib kelinmoqda.
Oʻrganishlar davomida 41-sonli umumtaʼlim maktabiga 2023-yil 7-aprel kuni mazkur MCHJ tomonidan ertalabki soat 9:45 da olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlarini maxsus komissiya aʼzolari qabul qilib olgan.
Maktab rahbariyati shu kuni 2-sinf oʻquvchilariga berilgan shokoladdan qum chiqqanligi boʻyicha oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonaga maʼlumot berganligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, murojaatdagi yuvilmagan olma shu yilning 7-fevral kunidagi holat boʻlib, bu boʻyicha oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonaga va maktabdagi qabul qilib oluvchi komissiya aʼzolariga xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan ogohlantirish berilgan.
“Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tartibda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, qoʻshimcha oʻrganish ishlari amalga oshirilishini, amalga oshirilgan ishlar natijasi haqida qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qilamiz”, - deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, bundan avval ham Qoraqalpogʻistondagi bir nechta maktablarda oʻquvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlangandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling