DXX va Bosh prokuraturaga energetika tizimidagi korrupsiyani yo'q qilish boʻyicha alohida choralar ko'rish topshirildi

Oʻtgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan

Foto: Prezident matbuot xizmati<br>

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident huzurida energiya resurslari taʼminoti yuzasidan yigʻilish davomida bugungi kundagi muammolarda tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, oʻtgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan.

“Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik boʻlganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmi-di?”, - deya savol qoʻydi davlat rahbari.

Oxirgi oylarning oʻzida neftegaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangani ham tizim ichidan yemirilganidan dalolat beradi.

DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korrupsiyani yoʻq qilish boʻyicha alohida choralar koʻrish topshirildi.

Prezident energetika va kommunal tizimlarda yuzaga kelgan ahvolni inobatga olib Singapurga tashrif davomiyligi 3 kundan 1 kunga qisqartirilishini taʼkidladi.

Ushbu mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qimmatli tajribasini oʻrganish lozimligi, qolaversa, ushbu davlatdan 4,7 milliard dollargacha qoʻshimcha investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani uchun ham bu tashrif muhim ahamiyatga ega. Xususan, samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirishga ham investitsiyalar jalb qilinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling