Hafta davomida havo harorati +37 darajagacha koʻtariladi

Sinoptiklar ushbu haftada kuzatilishi mumkin boʻlgan ob-havo haqida maʼlumot berdi.

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Oʻzgidromet xabariga koʻra, bugun atmosfera fronti oʻtishida markaziy va sharqiy hududlar boʻyicha yomgʻir yogʻadi, Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarining baʼzi joylarida yogʻingarchilik kuchli boʻladi, ayrim joylarda doʻl yogʻishi mumkin. Respublikaning baʼzi joylarida shamol tezligi soatiga 15-20 m/s gacha kuchayadi, baʼzida esa 22-25 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +15...+20 darajani tashkil etadi.

Seshanba kunidan boshlab Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan juda iliq va quruq havo massasi kirib keladi. Respublika boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 14-aprel kuni baʼzi joylarda yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Kunduzgi havo harorati koʻtariladi va ish haftasining oxiriga kelib, +29...+32 darajani tashkil etadi. Havo harorati shimolda, janubda va choʻl hududlarda +35...+37 darajagacha boʻladi.

Respublikaning baʼzi joylarida 11-14-aprel kunlari shamol tezligi soatiga 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 10-11-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli yogʻingarchilik boʻladi. Baland togʻlarda (2000 m dan yuqorida) yomgʻir qorga aylanishi mumkin.

10-11-aprel kuni togʻ oldi va togʻli hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

10-11-aprel kunlari Toshkent viloyatining togʻli hududlarida 2000 m dan yuqorida qor koʻchishi xavfi bor.

Bugun poytaxtda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi, doʻl yogʻishi mumkin. Shamol gʻarbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 12-17 m/s gacha kuchayishi mumkin. 11-14-aprel kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi.

Chorshanba kunidan boshlab havo harorati koʻtarilishni boshlaydi. Dushanba va seshanba kunlari kunduzgi havo harorati +16...+19 daraja, juma kuniga kelib, +30...+32 daraja atrofida boʻladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling