Ushbu yilning aprel oyi o‘rtacha iliq bo‘lib, so‘nggi yillarda iliq aprel oylari qatorini davom ettirdi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Oyning o‘rtacha harorati barcha joylarda iqlimiy me‘yordan 1-2,6 darajaga yuqori bo‘ldi.
Aprel oyining eng iliq kunlarida havo harorati 28-33 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba‘zi joylarda esa 34-36 darajagacha ko‘tarildi.
Biroq, o‘tgan aprel oyi 2025-yilning apreliga nisbatan salqinroq bo‘lib, u O‘zbekiston hududining katta qismida eng iliq aprel oylari uchligiga kirdi va respublikaning ko‘pchilik hududlarida oylik maksimal harorat rekordlarini o‘rnatdi.
Toshkent shahrida ham o‘tgan yili meteorologik kuzatuvlarning barcha qatori uchun aprel oyidagi havo haroratining mutlaq maksimumi yangilanib, u 36,6 daraja bo‘ldi.
Joriy yilning aprel oyida esa Toshkentda maksimal havo harorati 30,2 darajani tashkil etdi.
15-apreldan 18-aprelgacha bo‘lgan davr eng sovuq bo‘lib, bunda havo harorati kechalari 5-10 daraja, kunduz kunlari 13-18 daraja bo‘ldi.
Aprel oyidagi harorat tartibi bog‘larning yalpi gullashi, shuningdek, ekish kampaniyasini o‘tkazish va ekilgan ekinlarning dastlabki rivojlanishi uchun qulay bo‘ldi.
O‘tgan aprel oyi nisbatan qurg‘oqchil bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori me‘yordan kam bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida va Buxoro viloyatining katta qismida, ya‘ni iqlimiy me‘yorlari yuqori bo‘lmagan hududlarda, aprel oyidagi yog‘ingarchilik o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan yuqori bo‘ldi.
Ushbu fonda Samarqand viloyati hamda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlari ajralib turdi, bunda iqlimiy me‘yorlar nisbatan yuqori bo‘lishiga qaramay, o‘tgan aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori me‘yordan yuqori yoki me‘yorga mos bo‘lgani kuzatildi.
Ayrim kunlarda respublika bo‘yicha ba‘zi joylarida yog‘ingarchilik miqdori bir kecha-kunduzda 15 mmdan 35 mm gacha, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘ oldi hududlarida 40-50 mm gacha (ko‘pincha bir necha soat ichida) bo‘lgan kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi kuzatildi, bu oylik me‘yorning 30% dan 70% gachani tashkil etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim shimoliy hududlarida va Qizilqum cho‘lida (Qo‘ng‘irot, Jasliq, Jongeldi meteostansiyalari) yog‘ingarchilik miqdori me‘yordan 120-220% ni tashkil etgan kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi kuzatildi.
Jasliq meteostansiyasi hududida barcha kuzatuvlar davri uchun aprel oyi uchun bir kecha-kunduzlik maksimal yog‘ingarchilik miqdori yangilandi.
15-aprelda ushbu hududda bir kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik miqdori 33 mm ni tashkil etdi, shundan 27,8 mm yog‘ingarchilik 7 soat 15 daqiqa ichida yog‘di. Bundan oldingi rekord (24 mm) 2015yilning aprel oyida qayd etilgan edi.
Yomg‘irlar tez-tez momaqaldiroq, ba‘zi joylarda kuchli shamollar, ayrim tumanlarda esa do‘l yog‘ishi bilan kuzatildi.
Aprel oyida yomg‘irlar yog‘ishi respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalarining faollashishiga sabab bo‘ldi.