Toshkentda birinchi avtomatlashtirilgan smart-xojatxona ishga tushirildi — foto

Mazkur shoxobchada erkaklar, ayollar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan hojatxona va yuvinish xonalari mavjud.

Foto: uzbektourism.uz

Foto: uzbektourism.uz

Bugun, 29-mart kuni Mirobod tumani, Lokomotiv koʻchasida joylashgan sanitariya-gigiyenik shoxobchasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar bermoqda.

Ushbu shoxobcha erkaklar, ayollar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan hojatxonalar, yuvinish xonasi hamda xodimlar uchun moʻljallangan xonani oʻz ichiga olgan. Bu Oʻzbekistondagi birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigiyenik shoxobcha hisoblanadi.

Qayd etilishicha, mazkur shoxobchaning boshqa shu singari shoxobchalardan asosiy afzalligi uning avtomat rejimda ishlashi va eng zamonaviy sanitar-gigiyenik moslamalar bilan jihozlanganligidir. Qolaversa, unda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar qulay foydalanishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.

"Shoxobchamiz avtomatlashtirilgan rejimda ishlaydi. Har bir jarayon uchun alohida vaqt belgilangan. Agar, masalan, hojatxonaga kirgan fuqaroning salomatligida biror muammo yuzaga kelsa yoki boshqa sabab bilan uzoq qolib ketsa, signal chalinadi va ogohlantiriladi. Shuningdek, ayollar hojatxonasida alohida avtomatik tarzda ishlaydigan savdo burchagi tashkil etilgan. Bunda ayollar farzandlari uchun pampers va shunga oʻxshash narsalarni xarid qilishlari mumkin. Shoxobchamiz kun-u tun ishlaydi”, - deydi tadbirkor Kamoliddin Danaboyev.

Qayd etish kerakki, ayni damda mazkur shoxobchada ish oʻrinlari ham yaratilmoqda.

Maʼlumot uchun, 2017-yilda jami 200 ta sanitar-gigiyenik shoxobcha faoliyat yuritgan boʻlsa, 2022-yilga kelib ularning soni 7594 taga yetdi. Shulardan 3921 tasi yangi qurilgan, 3673 tasi esa qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling