Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida yer maydoni olib berishni vaʼda qilgan iqtisodchi ushlandi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xoʻjaobod tuman boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tekshiruv davomida Andijon viloyati uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi huzuridagi ishlab chiqarish boshqarmasi iqtisodchisi fuqaroga Andijon shahar Toshkent koʻchasidagi qurilishi tugallanmagan binoning 4 sotix yer maydonini onlayn-auksion orqali olib berish va kadastr hujjatlarini tayyorlab berishini aytgani aniqlangan.
U xizmati evaziga 20 dollarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritib, ushbu pullar hisobidan 400 dollarni Xoʻjaobod tumanidagi avtomobil bozori yonida qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling