Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismda xizmat oʻtayotgan 20 yoshli Mirjalol Imomov 12-yanvar kuni uyiga oʻlik holda qaytarildi. “Milliy TV” telekanalining “Millar” dasturi uning yaqinlari yigitni urib oʻldirishganini gumon qilayotgani haqida reportaj tayyorladi.
Taʼkidlanishicha, u 2003-yilda tugʻilgan va Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi “Xudoyzot” mahallasida istiqomat qilgan. Yigitning yaqinlariga uning vafoti haqida 11-yanvar kuni xabar berilgan.
Marhumning onasi yigit 2022-yil 4-may kuni oʻz xohishi bilan harbiy xizmatga joʻnatilganini bildirdi. U oxirgi marta oila aʼzolari bilan Yangi yil kechasi telefon orqali suhbatlashgan. Yangi yil tongida telefon qilib, yaqinlarini tabriklagan. Oʻzining ahvoli yaxshi ekanini aytgan va xizmat muddati tugashiga 3 oygina qolgani, mart oyida uyga qaytishini maʼlum qilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining munosabatiga koʻra, holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilmoqda.
Mudofaa vazirligining munosabatida aytilishicha, holat yuzasidan Qurolli Kuchlar Sud tibbiy ekspertiza markazi mutaxassislari tomonidan tibbiy ekspertiza oʻtkazilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling