Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida Cobalt 33 yoshli piyodani urib ketdi. Bu haqda Milliy telekanalining Millar dasturida xabar qilindi.
11-fevral kuni soat 18:00 larda Qarshi tumanida tezlikni meʼyoridan oshirgan Cobalt piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan 33 yoshli ayolni urib ketdi. Hodisa oqibatida piyoda voqea joyida vafot etdi.
“Ikkita bolam yetim qoldi. Bu piyodalar oʻtish joyidan yosh bolalar koʻp oʻtadi. Shu joydan qoʻrqib bollarimni ham shu yerdagi maktabga bermagandim. Iloji boʻlsa shu yerga svetofor oʻrnatib, chiroqlar oʻrnatilsa [yaxshi boʻlardi]”, — deydi marhumaning turmush oʻrtogʻi.
Piyodalar oʻtish joyining ostida yer osti oʻtish joyi borligi aniqlangan. Aholi vakillarining aytishicha, bu tunnel juda qarovsiz va qoʻrqinchli.
“Bu yerni ahvoli juda ogʻir, tunnelni ishga tushirib bersa, oʻquvchilar ham, kattalar ham shu yerdan (yer osti oʻtish joyi) oʻtsa yoʻllarimiz oz boʻlsa ham xavfsiz boʻlar edi”, — deydi aholi vakili.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam oʻlimiga sabab boʻlgan transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Haydovchiga “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov boshlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling