Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi mashinasining yon oynasiga qoʻygan sichqonlar uchun yopishqoq qogʻoz tuzoqqa chittak qushi tushgani va barmogʻi bilan uning boshiga chertgani aks etgan videoyozuv tarqaldi.
Tabiat resurslari vazirligi Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan 9-mart kuni mazkur fuqaroning fuqaroning Fargʻona viloyatida yashovchi M.O. ekani aniqlandi.
Suhbat davomida qushlar mashina oynalarini tirnab tashlayotgani sababli, shunday yopishqoq vositani skochlab, qushni ushlagani, biroq videorolik olingandan soʻng qushni qoʻyib yuborganligini bildirib, bunday xatti-harakati uchun uzr soʻragan. Erkak qilgan ishidan pushaymonligini, bu holat yana tokrorlanmasligini aytib oʻtgan.
U bilan ekologlar tomonidan qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish suhbati oʻtkazilib, undan tushuntirish xati olindi va tegishli choralar koʻrish uchun tuman IIBga yuborildi, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 111-moddasiga muvofiq, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish, yaʼni ularni gʻarazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish — BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan boʻlsa yoki hayvonlarning oʻlimiga yoxud mayib boʻlishiga olib kelsa — BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling