Tegajogʻlik qilgani uchun erkakni pichoqlab oʻldirgan ayol 6 yilga qamaldi

“Oʻzimni himoya qilish uchun qildim. Ayollarni xoʻrlash kerak emas-ku?” - deya izoh berdi sudlanuvchi ayol.

Videodan kadr

Videodan kadr

Avvalroq, Toshkent shahri Yashnobod tumanida ayol mast holatdagi erkak hamkasbi bilan oʻzaro janjallashib qolib, uni pichoqlab oʻldirib qoʻyganligi haqida xabar bergan edik.

Maʼlum qilinishicha, hodisa joriy yilning 4-sentyabr kuni soat 00:30 atrofida Yashnobod tumani Torariq koʻchasida joylashgan umumiy ovqatlanish joyida sodir boʻlgan.

Sudlanuvchi 26 yoshli ayol oshxonada ofitsiant boʻlib ishlagan va oilaviy sharoiti tufayli ish kunlari oshxonada yashab kelgan.

Sudlanuvchi va jabrlanuvchi avvaldan tanish boʻlib, ular maʼlum vaqt sharʼiy nikohda ham boʻlgan. Ish jarayonida jabrlanuvchi erkak M.C. ayolni boshqa erkaklardan rashk qilib, mast holatda doimiy kelishmovchiliklarni keltirib chiqargan.

Ayolning soʻzlariga koʻra, jabrlanuvchi uni nafaqat urgan, balki qarshilik koʻrsatishiga qaramasdan tegajogʻlik ham qilgan. Bunday holatlardan soʻng ayol u yerdan ishdan ketgan, lekin biroz vaqtdan soʻng yana ayolni boshliqlari shu oshxonaga ishlash uchun chaqirgan.

Jinoyat sodir etilgan kunda jabrlanuvchi yana ichib kelib, ayolga tegajogʻlik qilgan. Ayol uni qoʻrqitish maqsadida qoʻliga oshxona pichogʻini olib, bexosdan unga pichoq tiqib oladi.

Natijada, M.S. olgan tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.

Holat yuzasidan sud ishi JIB Yashnobod tuman sudida koʻrib chiqildi.

Unga koʻra, sudlanuvchi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, JKning 57-moddasini qoʻllab, 6 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling