Yangi Konstitutsiyani referendumga qoʻyishga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmadi — Konstitutsiyaviy sud

Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudi yangi konstitutsiya boʻyicha referendumni qonuniy deb topdi.

Foto: UzNews.uz

Foto: UzNews.uz

Bugun, 13-mart kuni Qonunchilik palatasi qarorining Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning majlisi boʻlib oʻtmoqda.

Konstitutsiyaviy sudning qayd etilishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qoʻyishga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmagan.

Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo Ulugʻbek Abdusalomovning aytishicha, Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi amaldagi Konstitutsiya, boshqa hamma qonunlar va Oʻzbekistonning xalqaro hujjatlariga toʻliq mos keladi.

Eslatib oʻtamiz, 10-mart kuni deputatlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi qabul qilingandi. Shuningdek, umumxalq referendumini oʻtkazish sanasini 2023-yil 30-aprel qilib belgilangandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling