Sardoba suv omborida 530 dona baliqni noqonuniy ovlagan olti kishi ushlandi

Huquqbuzarlardan 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator, 1 dona elektr qarmoq hamda 1 juft eshkak daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilgan

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirida, “Sardoba” suv omborida noqonuniy ravishda baliq ovlagan ikki fuqaro aniqlandi, deb xabar beradi Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ular 30-mart kuni tungi soat 23:00 dan 31-mart kuni 03:00 ga qadar taqiqlangan baliq tutish qurollari yordamida uch turdagi 242 dona baliq ovlangan.

Huquqbuzarlardan 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator, 1 dona elektr qarmoq hamda 1 juft eshkak daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilgan. Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 196 million 380 ming so‘m zarar miqdori belgilangan.

1-aprel kuni o‘tkazilgan reyd davomida esa “Sardoba” suv omborida to‘rt nafar fuqaro taqiqlangan baliq tutish qurollari yordamida jami 6 turdagi 288 dona baliqlarni noqonuniy ovlagani aniqlangan. Huquqbuzarlardan 2 dona alyumin qayiq, 2 dona benzinli dvigatel va 500 metr leskali to‘rlar daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilgan. Ushbu huquqbuzarlarga nisbatan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 83 million 670 ming so‘m zarar miqdori belgilangan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish maqsadida prokuratura organiga taqdim etish uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling