Raqobat qo‘mitasi tomonidan umumiy ovqatlanish shoxobchalari xizmatlaridan norozilik bildirilgan murojaatlar o‘rganib chiqildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlar davomida xo‘randalarga taqdim etilayotgan taomnoma xorijiy tillarda yaʼni rus, ingliz, turk, xitoy va boshqa tillarda ekanligi aniqlandi.
Jumladan, Toshkentdagi “Basri Baba” turk taomlari restoranida taomnoma faqat turk tilida ekanligi maʼlum bo‘ldi. Restoran tomonidan taomnoma maʼlumotlari davlat tilida tayyorlanib, qo‘shimcha xorijiy tillarda ham berilishi taʼminlandi.
Shuningdek, “CHINA CHUAN CHUAN” MCHJga qarashli xitoy taomlari restoranida xo‘randalarga xorijiy tilda munosabatda bo‘layotgani maʼlum bo‘ldi. O‘rganish natijasida qonunbuzilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan. Endilikda restoranda davlat tilida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyat boshlagan va rus, xitoy tillarida tuzilgan taomnomalar o‘zbek tilidagi tarjimasida xo‘randalarga berilishi taʼminlandi.
Shu bilan birga, Von! kafesi xodimlari tomonidan mijozlarga rus tilida xizmat qilinayotgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan murojaat ham o‘rganildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, kafening 26 ta shoxobchasida taomnomalar xo‘randalarning talabiga asosan davlat tilida, shuningdek rus va ingliz tillarida taqdim etilayotgani maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Cake lab restorani taomnomasida rus tilida maʼlumotlar berilayotgani ham maʼlum bo‘ldi. Mazkur masala restoran masʼullarini jalb qilgan holda ijobiy hal etilib, taomnomalar davlat tiliga muvofiqlashtirildi.