Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlagan tadbirkorlarga subsidiya ajratish tartibi belgilandi

"Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish elektron reyestri" axborot moduli yuritiladi

Hukumat qarori bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlashga ko‘maklashish, ularning bandligini taʼminlash hamda mehnat qilishini qo‘llab-quvvatlashni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizom nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlagan tadbirkorlar hamda xususiy bandlik agentliklariga quyidagi qo‘llab quvvatlash choralarini taqdim etish tartibini belgilaydi:

  • bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi;
  • ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyasi.

Nizomga ko‘ra, "Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligiga ko‘maklashish elektron reyestri" axborot moduli yuritiladi. Bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi quyidagi talablarga javob beradigan tadbirkorlarga ajratiladi:

  • elektron reyestrda turgan I va (yoki) II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kamida 3 oy davomida uzluksiz rasmiy bandligini taʼminlagan;
  • mazkur davrda unga har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lagan.

Ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyasi bandligi taʼminlangan I va (yoki) II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdotarjimon, psixolog yoki hamrohlik xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha miqdorda ajratiladi. Subsidiyaning har oylik miqdori quyidagicha:

  • surdotarjimon xizmati uchun BHMning 8 baravari;
  • psixolog xizmati uchun BHMning 10 baravari;
  • hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 baravari.

Tadbirkorlar ushbu subsidiyalarni olish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizim yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali elektron so‘rovnomani to‘ldirish orqali murojaat qiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling