O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda

Tomonlar yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tinch atom sohasida hamkorlik qilish hamda yil oxirigacha turizm, tibbiyot va ta‘lim forumlarini o‘tkazishga kelishdi.

Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zaro savdo hajmi so‘nggi besh yilda qariyb 3 barobar oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 mlrd dollarga yetdi. Joriy yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshdi. 360 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yetakchilar kuni kecha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganini olqishladi.

O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va shu sohada infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Kecha Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumining samarali natijalari alohida eʼtirof etildi. Uning yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami imzolandi.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qatʼiy intilishlarini tasdiqladilar.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlat rahbari Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.

Joriy yil oxiriga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va taʼlim forumlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Yig‘ilish davomida qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraislarining hisobotlari hamda muzokaralar kun tartibi yuzasidan aniq takliflari ham tinglandi.

Yakunda prezident Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Aleksandr Lukashenkoga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling