Foto: Teznews
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Navoiyda maktabdagi janjaldan soʻng 17 yoshli oʻquvchi qiz oʻz joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, Xatirchi tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining birida oʻqiyotgan, voyaga yetmagan S.A. joriy yilning 7-aprel kuni soat 14:10 larda yashash hovlisida koʻp miqdorda dori isteʼmol qilgan. Qiz sogʻligʻi yomonlashganligi sababli, tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga olib kelingan.
Bemorning ahvoli ogʻirlashganligi uchun u Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialining jonlantirish boʻlimiga koʻchirilgan. Bugungi kunda bemor koma holatida boʻlib, shifokorlar tomonidan unga davo muolajalari olib borilmoqda.
Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan hodisa joyi koʻzdan kechirilib, sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling