Sirdaryoda 40 ming dollarga yer sotmoqchi bo'lganlar ushlandi

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

Foto: DXX

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarma xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Guliston shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda yer savdosi bilan shugʻullangan 2 fuqaro oldindan 20 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Gap shundaki, Sirdaryo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi xodimi ukasi bilan Sayxunobod tumani hududidagi 5 gektar yerni tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming dollar talab qilgan.

Mazkur maydon 2020-yilda viloyat hokimligining bayonnomasi asosida daryo oʻzanini tozalash, qirgʻoqlarini mustahkamlash va qum-shagʻal qazib olish maqsadida istisno tariqasida, auksion savdolariga qoʻyilgunga qadar foydalanish uchun Sirdaryo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi xodimiga qarashli MCHJga biriktirilgan.

Biroq 2022-yilda viloyat hokimligining tegishli bayonnomasi bilan ushbu biriktiruv bekor qilingan.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling