Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident huzurida energiya resurslari taʼminoti yuzasidan yigʻilish davomida davlat rahbari respublikaning qolgan hududlarida ham ahvol yomonligini tanqid qildi.
Ayniqsa, Zangiota, Toshkent, Buloqboshi, Xoʻjaobod, Uchqoʻrgʻon, Koson, Karmana, Qamashi, Shofirkon, Xoʻjayli, Denov, Sharof Rashidov, Pastdargʻom, Fargʻona, Paxtabod, Hazorasp tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Fargʻona, Guliston, Chirchiq shaharlari hokimlari masʼuliyatni his qilmasdan, bir oy oldingi sovuq kunlardan hech qanday xulosa chiqarmagani koʻrsatib oʻtildi.
Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev qatʼiy ogohlantirildi, Chirchiq shahar hokimiga “hayfsan” berildi.
Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning eng katta vazifasi – elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlab berish. Lekin tegishli sohalar mutasaddilari buni uddalay olmayapti.
Shu munosabat bilan energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xodjayev lavozimidan ozod etildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari Mustafoyev, “Uztransgaz” rahbari Normatov va “Oʻzbekneftgaz” rahbari Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.
Agar tarmoq korxonalarining ayrim moliyaviy masalalari vaqtida yechib berilganda, daromadlarining bir qismi investitsiya qilinib, tarmoqlarni yangilashga yoʻnaltirganda vaziyat bunchalik ogʻir boʻlmas edi, deb taʼkidlandi yigʻilishda.
Bu masalada ham masʼullar eʼtiborsizlik qilgani tanqid qilindi.
Endi butunlay boshqacha tizim boʻlishi – strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga oʻtkazilishi belgilandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling