Qator agentliklar rahbarlari lavozimidan ozod qilindi

Hukumat qarori bilan Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi hamda Tibbiy- ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktorlari lavozimlaridan ozod etildi.

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga koʻra, bir qator agentlik rahbarlari lavozimidan ozod qilindi, deya xabar bermoqda “Yangi Oʻzbekiston” nashri.

Xususan, boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan Kamoliddin Talipov Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining direktori lavozimidan ozod qilindi. U mazkur lavozimga 2019-yilning oktyabr oyida tayinlangandi.

Boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan Shaxrux Raximov ham Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi direktori lavozimidan ozod qilindi. U mazkur lavozimga 2022-yil dekabr oyida tayinlangandi.

Shuningdek, boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan Alisher Inakov Tibbiy- ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining direktori lavozimidan ozod etildi. Bundan tashqari, Baxodir Karimov agentlik direktorining tibbiy-ijtimoiy masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimidan, Gayrat Israilov agentlik direktorining moliyaviy-iqtisodiy va qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimidan olindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling