Foto: Inform.kz
Taʼlim vaziri Gani Beysembayev Qozogʻistonda korrupsionerlardan musodara qilingan pullarga 2023-yilda 70 ta maktab qurilishini maʼlum qildi, deb xabar berdi Tengrinews.
“Bu yil 70 dan ortiq maktab korrupsionerlar puliga quriladi. Bizda bu boʻyicha hujjatlar va shakllantirilgan roʻyxat bor. Shun kunlarda bu roʻyxat tasdiqlanib, maktablar qurilishi uchun mablagʻ ajratish boshlanadi. Jarayon deyarli barcha — 20 ta regionni qamrab oladi”, — dedi vazir hukumat majlisida jurnalistlar savollariga javob berar ekan.
Vazirning taʼkidlashicha, loyihada nafaqat yangi maktablarni qurish, balki mavjudlarini taʼmirlash ham koʻzda tutilgan.
Maʼlumot uchun, korrupsiya sodir etgan amaldorlardan musodara qilingan 120 milliard tenge Moliya vazirligining maxsus hisob raqamiga oʻtkazib berilgan.
Avvalroq Qosim-Jomart Toqayev xalqqa murojaatnomasida korrupsionerlardan olib qoʻyilgan pullar maktablar qurishga yoʻnaltirilishini aytgandi. “Umuman olganda, maktablar qurish hukumat va hokimliklarning asosiy vazifalaridan biri boʻlishi kerak”, — degan prezident.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling