Foto; t.me/Tashkent_land
Mirzo Ulugʻbek tumani Parkent koʻchasida yosh bola yoʻl yoqasidagi quvurga tushib ketgani va yaqin binodagi ishchilar unga yordam berib qutqarib qolishgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan tuman hokimligi mutasaddilari oʻrganish olib bordi va quyidagilarni maʼlum qildi.
“Ushbu hududda ichimlik suvi taʼminotidagi quvurlardan birida avariya holati (Suv sizib chiqishi) aniqlangan va tuman Suv tarmoqlari boʻlimi tomonidan avariya holatini bartaraf etish ishlari jarayonida Parkent koʻchasida qazish ishlari olib borilgan. Qazish ishlari yoʻlning avtomobillar uchun qatnov qismida boʻlganligi sababli ogohlantirish belgilari joylashtirilgan, piyodalar yoʻlagida harakatlanish mumkin boʻlgan. Yoʻlovchilarning beeʼtiborligi natijasida 6 yoshlardagi bola onasidan oldinroq borib chuqurlikka tushib ketgan va ushbu hududdagi fuqarolar tomonidan chiqarib olingan. Bola sogʻlom, xavotirga oʻrin yoʻq”, — deyiladi xabarda.
Avariya holatini bartaraf etishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va noqulayliklar uchun tuman Suv tarmoqlari boʻlimi vakillari uzr soʻraydi. Qolaversa, hududdagi betartiblikni bartaraf etish hamda jarayonlarda yoʻlovchilar va avtomobillar uchun ogohlantirish belgilari, xavfsiz harakatlanish choralari koʻrilgani maʼlum qilindi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling