Foto: Nodia police
Hindistonning Noida shahri politsiyasi kecha, 3-mart kuni Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining 3 nafar yuqori lavozimli xodimini hibsga oldi. Hibsga olinganlar qalbaki dori-darmonlar ishlab chiqarish va sotishda ayblangan boʻlib, ular Oʻzbekistonda bir necha bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan yoʻtalga qarshi siropi ishlab chiqaruvchi farmatsevtika firmasiga aloqador boʻlgan. Bu haqda ABP Network nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, tergov Oʻzbekistonda shirkat dori-darmonlari tufayli 18 nafar bolaning oʻlimi haqidagi xabarlar paydo boʻlganidan keyin boshlangan. Mazkur ish boʻyicha ayblangan besh kishidan uchtasi hibsga olingan. Ayblanuvchilar orasida Marion Biotech kompaniyasining ikki direktori, kimyogar va operatsiyalar boʻlimi boshligʻi bor.
Nashr bergan maʼlumotga koʻra, mazkur sirop tufayli 2022-yilda Gambiya, Indoneziya va Oʻzbekistonda 300 nafardan ortiq, ularning aksariyati besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻtkir buyrak jarohati tufayli vafot etgan.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan “Dok-1 Maks” siropi tarkibida etilenglikol mavjud. Ushbu modda zaharli boʻlib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy oʻzgarishlarni, yaʼni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va oʻtkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling