Foto: Repost.uz
Adliya vazirligida bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha UNICЕF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari ishtirokida seminar-trening o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda turli davlatlarda olib borilgan 80 ga yaqin tadqiqotlarga ko‘ra maktab o‘quvchilarining 35 foizi doimiy ravishda tazyiq va zo‘ravonlikka uchraydi. Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus dasturlarga ega bo‘lgan AQSH, Buyuk Britaniya, Skandinaviya davlatlarida bunday dasturlari bo‘lmagan davlatlarga qaraganda tazyiq va zo‘ravonlik ko‘rsatkichi 20 foiz kamroqni tashkil qiladi.
Seminar davomida O‘zbekistonda ham bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlarining konseptual asoslari ko‘rib chiqilgan.
Xususan, ishlab chiqiladigan qonun loyihasida bolalarga nisbatan o‘tkaziladigan tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi, bu boradagi davlat siyosati, davlar organlarining vazifalari belgilanishi ta’kidlangan.
Shuningdek, bugungi kunda vasiylik va homiylik organlari tomonidan funsional vazifalarini amalga oshirishdagi kamchiliklar qizg‘in muhokama qilingan. Seminar-trening yakunida muhokama qilingan masalalar bilan qonun loyihasini ishlab chiqish va kelgusida uni yana muhokama qilishga kelishib olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling