Qoraqalpogʻistondagi bir nechta maktablarda oʻquvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi

Oʻquvchilarga beriladigan qadoqlangan mahsulotlar zararkunandalar bilan zararlangani aniqlandi.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Qoraqalpogʻistondagi ayrim maktablarda oʻquvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi. Bu haqda Joʻqorgʻi Kenges Matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Joʻqorgʻi Kenges raisining topshirigʻiga koʻra, Kegeyli tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli umumtaʼlim maktablarida Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan tekshiruv oʻtkazilgan. Tekshiruv davomida 1, 8, 19 hamda 55-sonli maktablarda bir qancha qoʻpol xato-kamchiliklar aniqlangan.

Xususan, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan meʼyorga javob bermasligi, shuningdek, ichimlik suvi bilan taʼminlanmagani, issiq choy bilan taʼminlash uchun esa sharoit toʻliq yaratilmagani maʼlum boʻlgan.

“Eng achinarlisi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati oʻrganilganda olma sharbati isteʼmolga yaroqsiz ekani, qadoqlangan mahsulotlar zararkunandalar bilan zararlangani aniqlandi”, - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, mahsulotlar maxsus avtomashinalarda emas, yoʻlovchi transportida yetkazib berilgan, turli maktablarda kundalik oziq-ovqat sifatini nazorat qiluvchi komissiya tarkibi tuzilmagan.

Hozirda oʻrganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora koʻrish boʻyicha tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling