Foto: Davlat bojxona qoʻmitasi
“Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti orqali harakatlangan avtomashinadan Afrika filining tishi hamda 180 dona bugʻu shoxlari topildi. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti orqali harakatlanib, xorij davlatidan Oʻzbekistonga kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan.
Natijada avtoulov oʻrindigʻining ost qismiga yashirincha joylangan umumiy qiymati 32 mln soʻmlik 180 dona bugʻu shoxlari va 1 dona fil tishi topilgan. Aniqlanishicha, bugʻu shoxlari va fil tishi yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan va hech qanday hujjatlari boʻlmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling