Konstitutsiyaga soʻm va uning maqomi toʻgʻrisidagi modda kiritilmoqda

 Konstitutsiya loyihasida pul birligini muomalada boʻlishi uning muomuladan olinishini tartibga soluvchi subyekt – yaʼni Markaziy bank ham aniq belgilab ketilmoqda.

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Valyuta – davlatning pul birligi boʻlib, pul tizimining asosiy elementi hamda suveren davlatning belgilaridan biridir. Boshqacha aytganda milliy valyuta davlatning muhim ramzlaridan biri.

Har bir mustaqil mamlakat oʻz milliy valyutasiga ega. Ayni paytda yer yuzida 200 dan ortiq davlatlar mavjud boʻlsa, 160 ga yaqin valyuta turi mavjud.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi soʻm ham mustaqil davlatimizning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Lekin eng qizigʻi Konstitutsiyamizda milliy valyutamiz boʻlgan soʻm haqida biror ogʻiz gapirilmagan. Balki bu Konstitutsiya soʻm muomalaga kirganidan bir necha yil avvalroq qabul qilingani bilan bogʻliqdir. Lekin baribir ham Bosh qomusimizda asosiy ramzlarimizdan biri boʻlgan soʻm haqida alohida modda yoʻqligi gʻalati.

Shu sababli mazkur boʻshliq toʻldirilmoqda va Konstitutsiyamizga milliy valyutamiz haqidagi normalar qoʻshish taklif etilmoqda.

Shuni inobatga olish kerakki, Konstitutsiya loyihasida pul birligini muomalada boʻlishi uning muomuladan olinishini tartibga soluvchi subyekt – yaʼni Markaziy bank ham aniq belgilab ketilmoqda.

150-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi soʻmdir.

Soʻm Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy toʻlov vositasidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasining hududida qonuniy toʻlov vositalari sifatida pul belgilarini muomalaga kiritishda va ularni muomaladan chiqarishda mutlaq huquqqa egadir.

Davlatning pul birligining maqomini hamda uning muomalada boʻlishiga oid qoidalarni Konstitutsiyada belgilangan taqdirda uning mavqei oshishiga olib keladi. Mamlakat poytaxti, davlat tili, bayrogʻi, gerbi va madhiyasi kabi ramzlardan biri boʻlgan milliy valyuta ham Bosh Qomusda aks etishi maqsadga muvofiq.

Bugungi globallashuv sharoitida davlatning pul birligi va uning qadr-qimmati alohida ahamiyatga ega. Mazkur masalaning Konstitutsiyadan oʻrin olishi turli tahdid va xavf-xatarlarning ham oldini oladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling